Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi UzReport telekanali va «International house-Tashkent» akademik litseyi bilan hamkorlikda akademik litsey o‘quvchilari uchun teledarslarni yo‘lga qo‘ydi.

Teledarslar koronavirus karantini tufayli e’lon qilingan ta’til mobaynida o‘quvchilar va talabalarga masofadan bilim olish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida tayyorlanmoqda.

«Teledars» dam olish kunlaridan tashqari har kuni:

  • 10:15da geografiya;
  • 11:15da matematika;
  • 12:15da fizika fanlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatiladi.

Shuningdek, dasturni UzReport telekanalning facebook sahifasi va youtube kanali orqali bevosita onlayn efirda kuzatib borish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining facebook sahifasi va youtube kanalida tanishish mumkin.

Hozirda vazirlik O‘zMTRK va O‘zEOAVMA tizimidagi telekanallar orqali talabalar va o‘quvchilarga videodarslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda, deyiladi xabarda.

Vazirlik o‘z xabarida o‘quvchilar va ularning ota-onalaridan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishni so‘radi.