O‘zbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova bugun,20 mart kuni 70 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekkino agentligi matbuot xizmati xabar qildi.

Oybarchin Bakirova 1950 yil 27 iyun sanasida Andijonda marhum aktyor O‘zbekiston xalq artisti Abbos Bakirov oilasida dunyoga kelgan.

O‘rta maktabni tamomlagach, Toshkent teatr va rassomchilik san’ati oliygohida tahsil olgan.

Aktrisa o‘z faoliyatini 1971 yilda «O‘zbekfilm» kinostudiyasida boshlagan. U «Tangalik bolalar», «Armon», «O‘yin» va «Farzandim» kabi o‘nlab filmlarda turli obrazlarni yaratgan. Oybarchin Bakirova tomoshabinlarga nafaqat kinoaktrisa balki dublyaj sohasidagi faoliyati orqali ham juda yaxshi tanish. U bugungacha yuzdan oshiq kino va multfilm qahramonlariga ovoz bergan.

Oybarchin Bakirova o‘z faoliyati orqali 2000 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni bilan taqdirlangan.