O‘zbekiston Mudofaa vazirligi G‘alaba bog‘ida tashkil etilayotgan Shon-sharaf muzeyi ekspozitsiya fondini boyitishda ishtirok etishga chaqirmoqda. Ochilish marosimi Xotira va qadrlash kuni — 9 may arafasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.

Vazirlikning qayd etishicha, yig‘ilgan eksponatlar O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushiga qo‘shgan hissasi sifatida aks ettiriladi.

Muzeyga topshirilgan ashyolar mutaxassislar tomonidan qabul qilinadi hamda qahramon haqidagi ma’lumotlar qayd qilinib, yo‘nalishi bo‘yicha ekspozitsiyaga joylashtiriladi. Shuningdek, front va front ortida fashizm balosiga qarshi kurashgan ajdodlar haqidagi to‘liq ma’lumotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida muzeyning Axborotlar bazasiga joylashtiriladi.

Eksponatlar qabul qilinayotgan manzil: Toshkent shahar, Yunusobod tumani 9-daha, Rixsiliy ko‘chasi 9-uy. Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali (sobiq Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti binosi). Mo‘ljal: Zenit zavodi va Korzinka.uz supermarketi.

Shuningdek, uzoq viloyat va tumanlardagi fuqarolar o‘z ashyolarini joylardagi mudofaa ishlari boshqarmalari va bo‘limlari orqali ham topshirishlari mumkin.

Murojaat uchun telefonlar: 71−269−87−93, 99−877−44−08, 90−516−86−23.