Gallup, Inc. tomonidan an’anaviy ravishda e’lon qilinadigan World Happiness Report 2020 baxtli mamlakatlar reytingida O‘zbekiston oldingi yilgi ko‘rsatkichlardan uch pog‘ona ko‘tarilib, 153 ta mamlakat orasida 38-o‘rinni egalladi.

MDH davlatlari orasida O‘zbekiston 1-o‘rinni saqlab qoldi. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (umumiy reytingda 50-o‘rin), Tojikiston (umumiy reytingda-71 o‘rin), Rossiya (umumiy reytingda-73 o‘rin), Qirg‘iziston (umumiy reytingda-74 o‘rin) joy oldi. Qo‘shni Turkmaniston esa 95-o‘rinni egalladi.

Reytingda birinchi o‘rinlarda Finlyandiya, Shveysariya, Islandiya va Norvegiya borayotgan bo‘lsa, Ruanda, Janubiy Sudan, Zimbabve va Afg‘oniston so‘nggi o‘rinlarni band etdi.

Bu yilgi hisobotning farqli tomoni, hisobotda har bir mamlakatning asosiy shaharlari aholisining hozirgi kundagi hayotidan qoniqishlari va kelajakda ushbu shaharda yashash qanchalik yaxshi bo‘lishi haqidagi fikrlari ham o‘rganilgan.

So‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, dunyoning yirik shaharlari orasida Toshkent- aholisi eng optimist shahar bo‘ldi. So‘rovnomada qatnashgan O‘zbekiston poytaxti aholisi kelajakda ushbu shaharda yashash sharoitlaridan umidlari katta ekanligini bildirishgan, oqibatda Toshkent Kelajakdagi hayot reytingida 186 mamlakat orasida 1-o‘rinni egallagan.

Hozirgi kundagi hayotdan qoniqish bo‘yicha esa Toshkent 75-o‘rinda.

An’anaviy tarzda dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan Gallup so‘rovnomalarida har bir mamlakatdan 1000 ga yaqin 15 va undan katta yoshdagi aholi qatnashadi. So‘rovnomalar davlat tilida o‘tkaziladi.

So‘rovnomalar asosida yuzaga keladigan global indekslar mamlakatning yalpi ichki mahsuloti, umr ko‘rish davomiyligi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ozodlik, korrupsiya va boshqa ko‘rsatkichlar asosida tuziladi.