Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning brifingda e’lon qilishicha, olimlar COVID-19 koronavirusiga qarshi ilk vaksina sinovlarini boshlab yubordi.

«Vaksinani yaratish bo‘yicha ilk sinov jarayoni koronavirusning genetik izi o‘rganib chiqilganidan 60 kun o‘tib boshlandi. Bu aql bovar qilmas yutuq», — dedi u.

Brifingda qo‘shimcha qilib ta’kidlanganidek, JSST hamkorlari bilan birgalikda katta tadqiqot olib bordi. JSST bosh raisi ushbu tadqiqotni «Birdamlik sinovi» deb nomladi. Hozirgi kunga qadar tadqiqot uchun mo‘ljallangan jamg‘arma 43 mln dollari to‘pladi.

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘ylab COVID-19 koronavirusi qariyb 160 davlatda aniqlanib, 200 mingdan ortiq ushbu infeksiyaga chalingan. Bulardan vafot etganlar soni 9 mingga yaqin va 85 ming nafari to‘liq tuzalib ketgan.