Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM) va Toshkent shahar «Ibn Sino» nomli 1-son klinik shifoxonasi karantin tufayli yopilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Unda aytilishicha, RSHTYOIM bo‘limlaridan birining shifokori o‘zida koronavirus infeksiyasiga shubha qilganligi bois, o‘sha bo‘lim ehtiyot chorasi sifatida ma’lum muddat karantinga olindi.

Ammo ixtisoslashgan tahlillar natijasi shifokorda ushbu infeksiya yo‘qligini ko‘rsatgandan keyin markaz bo‘limidagi karantin tartibi bekor qilindi. Ayni paytda markaz odatdagidek uzluksiz faoliyat ko‘rsatmoqda.

1-son shahar klinik shifoxonasida esa koronavirusga gumon qilinib, keyinchalik Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida ushbu tashxis tasdiqlangan fuqaro o‘zini Turkiyada bo‘lganligini yashirib, ma’lum vaqt ushbu shifoxonada bo‘lgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bu ayni o‘sha paytda mazkur shifoxonada koronavirus tarqaldi, degan yakuniy xulosa emas. Faqat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga muvofiq ravishda va qat’iy ehtiyot chorasi sifatida ushbu shifoxona ma’lum muddat karantinga olindi. Yaqin kunlarda davolash ishlari yana o‘z iziga tushiriladi.