Toshkentda 19 martidan boshlab yo‘lovchi oqimi keskin kamaygan vaqtlarda atvobuslar harakati oraliq intervallari uzaytirilmoqda. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Bu ta’lim muassasalarida karantin e’lon qilingani, ko‘plab kompaniya va tashkilotlar masofadan ishlashga o‘tganidan so‘ng yo‘lovchilar oqimi sezilarli darajada kamaygani bilan bog‘liq.

10:00 dan 16:00 ga qadar avtobuslar harakati oraliq intervallari uzaytirilmoqda. Kompaniyaning qayd etishicha, jamoat transportida yo‘lovchi oqimining keskin qisqarishi natijasida tig‘iz vaqtlardan tashqari avtobuslarning yo‘nalishlarda yo‘lovchisiz harakatlanishi kuzatilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan transport vositalarining sababsiz yemirilishiga, yoqilg‘i-moylash mahsulotlarining samarasiz sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.