18 mart kuni O‘zbekiston prezidentining «Agrar va oziq-ovqat sohalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining asosiy vazifalari qatorida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020−2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirishni ta’minlash ham kiritildi.

Shuningdek, Bosh prokuratura tuzilmasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi hamda ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan bosh prokuror o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar prokurorlarining o‘rinbosarlari, shuningdek, transport prokurorining katta yordamchisi lavozimlari kiritildi.

Bosh prokuraturaning Qishloq xo‘jaligi sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi deb qayta nomlandi.

Mazkur qarorga binoan, ekin maydonlarining o‘zboshimchalik bilan egallanishiga chek qo‘yish, qishloq xo‘jaligi texnikalari holatini nazorat qilish kabi bir qator vazifalarga mas’ul bo‘lgan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Qaror bilan Ichki ishlar vazirligi Moliya va moddiy-texnika ta’minoti bosh boshqarmasi Moliya va moddiy-texnika ta’minoti departamenti etib qayta tashkil etildi.

Endilikda, tuman va shahar hokimlari o‘z hududidagi qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida haqiqiy ahvolni o‘rganish uchun Davergeodezkadastr yoki uning hududiy boshqarmalariga uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish bo‘yicha buyurtma berish vakolatiga ega bo‘ldi.