O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi eshitish qobiliyati past bo‘lgan odamlarning ijtimoiylashuvini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan loyihani sinovdan o‘tkazishni boshladi. Buning uchun Milliy palata, «Sotsial birlik» ijtimoiy harakati (Ukraina) va Interactive Group FZC (BAA) kompaniyasi o‘rtasida uch tomonlama memorandum imzolandi.

Milliy palataning hududlardagi barcha 14 ta bo‘linmasiga sheriklarning dasturiy ta’minoti o‘rnatilgan planshetlar tarqatildi. Yagona oyna markazi, bank, hokimiyatlarga tashrif buyurgan imkoniyati cheklangan shaxslar ushbu planshetdan foydalangan holda suhbatlashish va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Planshetlar internet orqali tarjimonlar markaziga ulangan bo‘lib, tashrif buyuruvchilar videoaloqa orqali imo-ishora tilida murojaat qiladilar, tarjimon ularning murojaatlarini tashkilot xodimiga so‘zlab beradi. Shuningdek, tashkilot xodimi aytgan barcha ma’lumotlar ham imo-ishora tili orqali murojaatchiga yetkaziladi.

Hozirda Ukrainada eshitish imkoniyati cheklangan odamlar eng ko‘p tashrif buyuradigan 60 ga yaqin muassasa shunday planshetlar bilan ta’minlangan. Milliy palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, loyiha O‘zbekistonda muvaffaqiyatli yakunlansa, bu yerda ham xuddi shunday markaz tashkil etiladi va surdotarjimonlar imo-ishoralar tilini o‘zbek va rus tillariga tarjima qilish bilan shug‘ullanadi.