“O‘zbekkino” Milliy agentligi va O‘zbekiston telekanallari birgalikda koronavirus profilaktikasi kunlarida “Uy kinoteatri” aksiyasini amalga oshiradi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi televizion efir vaqtini to‘ldirish uchun davlat va nodavlat telekanallarga kinofonddan 750 birlikdagi materiallarni taqdim etadi. Aksiyaning birinchi bosqichi 250 dan ortiq kinomateriallar — hujjatli va badiiy filmlar (2015−2018 yillar), multfilmlar (2010−2018 yillar), qisqa metrajli filmlar hamda bolalarning sevimli “Zumrasha” kinojurnalining yangi sonlari (2016−2018) o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, “O‘zbekkino” telekanallarga taqdimoti yaqin ikki hafta ichida o‘tkazilishi mo‘ljallangan 30 ta yangi filmni taqdim etadi. Ular orasida “Qo‘qon shamoli”, “Avloniy” , “1 avgust” va boshqalar bor.

“Bizning maqsadimiz — mamlakatimiz aholisi, ayniqsa karantin tadbirlari davomida uyda, bolalari bilan qoladigan bolalar va kattalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishdan iborat”, — dedi “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxalikov.

Avvalroq butun mamlakat bo‘ylab ko‘ngilochar ommaviy tadbirlar, jumladan kinoteatrlar faoliyati to‘xtatilgan edi. 16 martdan ta’lim muassasalari yopildi, Navro‘z sayillari bekor qilindi.