O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat 21 noyabr kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 28 fevralda Senat tomonidan ma’qullangan edi.

Qonunga ko‘ra ro‘yxatga olish butun O‘zbekiston yoki muayyan hududlar bo‘yicha o‘tkazilib, demografik sana va aholining ijtimoiy-iqtisodiy xarakteristikasini aniqlashga qaratilgan shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish va ularni qayta ishlash tartiblarini belgilaydi.

Hujjatga ko‘ra, ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi — O‘zbekistonda aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.

Quyidagilar ro‘yxatga olishning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish;
  • shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlarini hamda dasturlarini tayyorlash;
  • aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
  • ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish.

Hujjatda, shuningdek, aholini ro‘yxatga olish sohasida davlat organlari vakolatlari, respondent va ro‘yxatga oluvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari ham keltirib o‘tilgan.

Qonunga ko‘ra aholini ro‘yxatga olish 10 yilda eng kamida bir marta amalga oshirilishi kerak. ro‘yxatga olishni o‘tkazish, uning sanalari va muddatlari to‘g‘risidagi qaror prezident tomonidan qabul qilinadi. Ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi taklif hukumat tomonidan uni o‘tkazishning taxminiy muddatlaridan kamida uch yil oldin kiritiladi.

Aholini ro‘yxatga olish dasturi yoshi, millati, tillarni bilishi, ma’lumoti, yashash sharoitlari, yashash uchun mablag‘lar manbalari va boshqa masalalarni o‘z ichiga oladi.

So‘rov davlat tilida olib boriladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar o‘z ona tillarida yoki boshqa erkin tanlangan muloqot tilida so‘rovda ishtirok etishlari mumkin.

Ro‘yxatga olish bo‘yicha yakuniy ma’lumotlar yuridik va jismoniy shaxslar uchun ochiq bo‘ladi hamda OAVda e’lon qilinib, Statistika qo‘mitasi rasmiy saytiga joylashtiriladi.

Qonun rasman e’lon qilingan 17 mart kunidan kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning fevral oyida prezident 2022 yilda O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishini tasdiqlagan edi. Oxirgi marta u 1989 yilda o‘tkazilgan.