Sayyohlik kompaniyalari, jamoat tashkilotlari va yirik sanoat korxonalariga mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat barqaror holatga kelgunga qadar ichki turizmni rivojlantirishga doir tadbirlarni to‘xtatish tavsiya qilindi. Ushbu qaror 17 mart kuni Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilindi, deya xabar berdi Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

Respublika hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, teatr, kino va konsert dasturlari vaqtincha to‘xtatiladi.

Maxsus komissiya qaroriga asosan, Transport vazirligi karantin muddati davriga to‘g‘ri keluvchi turizm maqsadida xarid qilingan havo va temir yo‘l chiptalarini, shu jumladan ichki qatnovlar uchun chiptalarni xaridorlar tomonidan qaytarilgan taqdirda, jarimasiz qabul qilish, chipta narxini xaridorga to‘liq qaytarish yoki boshqa muddatga ko‘chirish choralarini ko‘radi.

Ayni damda mamlakatda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarni, shu jumladan turistlarni o‘z mamlakatlariga qaytishi masalalarida ularga axborot ko‘magini beruvchi maxsus shtab tashkil etildi.