O‘zbekiston bosh davlat sanitariya vrachining 17 martdagi qarori bilan COVID-19 koronavirus infeksiyasining respublika hududida tarqalishini oldini olish, kasallikni to‘g‘ri tashxislash va davolash jarayonida profilaktik cheklov tadbirlari joriy etilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu qarorga muvofiq, 17 martdan boshlab barcha davolash-profilaktika muassasalarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi bo‘yicha cheklov o‘rnatiladi. Bemorlarni ko‘rgani kelgan va boshqa begona shaxslarning davolash-profilaktika muassasalariga kirishi, bemorlarning tashxisot-davolash ishlariga bog‘liq bo‘lmagan shaxslar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishlari taqiqlanadi.

Davolash-profilaktika muassasalariga kelayotgan bemorlarni tana haroratini o‘lchash, epidemiologik surishtiruv va koronavirus belgilariga tekshirib filtrdan o‘tkazish tashkil etiladi.

Davolash-profilaktika muassasalariga kirish va chiqishni qat’iy tartib asosida amalga oshirilishi va ichki ishlar boshqarmalarini jalb etgan holda muassasani perimetri bo‘ylab kunu tun qo‘riqlanishi joriy etiladi.

Fuqarolar koronavirus belgilari bilan qilgan murojaatlari bo‘yicha uyga borib birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, klinik belgilari va epidemiologik surishtiruv asosida tekshiruvdan o‘tkaziladi, kasallik belgilari va epidemiologik ko‘rsatmalar bo‘lmasa, ular virusologik tekshiruvga yuborilmaydi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi huzuridagi virusologiya laboratoriyasi COVID-19 koronavirus infeksiyasiga laboratoriya tahlillarini o‘tkazish milliy referens laboratoriyasi deb belgilanadi hamda Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va hududiy SEOM virusologiya laboratoriyalarida o‘tkazilgan tahlillar musbat natija bergan hollarda milliy referens laboratoriyasida qayta tekshiruvdan o‘tkazilib, uning natijasiga asosan yakuniy tashxis qo‘yish amaliyoti joriy etiladi.

Epidemik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelgan shaxslar hamda ular bilan muloqotda bo‘lganlarni kasallikka laboratoriyada tekshirish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarida kirish-chiqish tartibi bo‘lgan alohida maxsus namuna olish va kutish xonalari tashkil etiladi, bunda, tahlil natijasi chiqqunga qadar bemorlarni yuz niqobini taqqan holda kutib turishlari joriy etiladi.

Bemor va uning oila a’zolari, bemor bilan muloqotda bo‘lganlarning shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanishi bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatiladi.

Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha korxona-tashkilotlar, muassasalar, dehqon bozorlari va odamlar gavjum bo‘ladigan joylar hamda jamoat transportlari bekatlari xo‘jalik hisobidan dezinfeksiya qilinadi.