16 mart kuni taxminan 21:40 da Samarqand viloyatining Narpay tumanida (M-37 Samarqand — Buxoro avtoyo‘lining 105-kilometri) to‘rtta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston IIV Tergov departamenti.

Boshqaruvni yo‘qotgan Lacetti haydovchisi yo‘lning qatnov qismini ajratib turuvchi beton to‘siqni buzib o‘tib shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan «Gazel» rusumli mikroavtobus bilan to‘qnashuv sodir etgan. Avariyada shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan «VAZ 2106» va Nexia-2 avtomashinalari ham shikastlangan.

YTH natijasida «Gazel» mikroavtobusi haydovchisi va bir nafar yo‘lovchisi hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan, yana bir yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga yotqizilgan. Mikroavtobusda bo‘lgan 9 nafar yo‘lovchi va Lacetti haydovchisi turli xil darajada tan jarohat olib, tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyda tergov-tezkor guruhi ishlamoqda, avariya sabablari aniqlanmoqda.