Qozog‘iston prezidenti huzuridagi Favqulodda vaziyat rejimini ta’minlash bo‘yicha davlat komissiyasi 19 martdan boshlab Nur-Sulton va Olmaotada karantin rejimini joriy etish haqidagi qaror qabul qildi. Bu haqda Tengrinews.kz xabar berdi.

Ushbu shaharlarda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat murakkablashganini hisobga olgan holda hamda koronavirus Qozog‘istonning boshqa shaharlariga tarqalishining oldini olish uchun ushbu qaror qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Karantin odamlarning harakatlanishi, shuningdek, transport vositalarining kirish/chiqishlariga cheklovlarni nazarda tutadi. Nur-Sulton va Olmaota aholining harakatini cheklaydigan, aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash va hayotiy ta’minot tizimlari ishlashini optimallashtirish uchun sektorlarga bo‘linadi.

Shaharlarda jamoat transporti kun davomida to‘xtatiladi yoki cheklanadi va kechasi to‘xtatiladi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari bozorlari, yirik savdo-ko‘ngilochar markazlari va savdo uylari faoliyati to‘xtatiladi, ularda faoliyat ko‘rsatayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari savdosi bo‘yicha ob’ektlar bundan mustasno.

Umumiy ovqatlanish ob’ektlari karantin vaqtida sanitariya-epidemiologiya choralari kuchaytirilgan holda «mijozga yetkazib berish» tamoyili bo‘yicha ishlaydi.

Bundan tashqari, karantin zonalari aholisining oziq-ovqat, dori-darmon, hayot uchun zarur bo‘lgan buyumlar va zarur tovarlarga bo‘lgan har kunlik ehtiyojlari aniqlanadi. Boshqa tashkiliy choralar ham ko‘zda tutilmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istondagi COVID-19 holatlari soni 27 taga yetdi. Shulardan 16 ta yuqtirish holati Nur-Sultonda, 11 tasi Olmaotada aniqlangan.