Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi to‘rt nafar o‘zbekistonlik paralimpiyachini antidoping qoidalarini buzganligi uchun to‘rt yilga musobaqalardan chetlashtirdi.

Pauerliftingchi Ismira Islomova va Shahzoda Mamadaliyevaning Fransiyadagi 2018 yilgi Jahon chempionatida olingan doping-test natijalari Jahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan moddalar qo‘llanilganini ko‘rsatdi. Sportchilar 2018 yil 31 avgustdan 2022 yil 30 avgustgacha diskvalifikatsiya qilinadi, 2018 yil may oyidan keyingi natijalar bekor qilinadi.

Poverlifter Muslima Nuriddinovaning ham Yaponiyada Osiyo va Okeaniya mamlakatlari o‘rtasidagi jahon musobaqasida olingan doping-testi ijobiy natija bilan chiqqani uchun to‘rt yilga diskvalifikatsiya qilinadi. U 2018 yil 30 noyabrdan 2022 yil 29 noyabrgacha diskvalifikatsiya qilindi. Bundan tashqari, yuqorida aytib o‘tilgan chempionatda sportchining medallari va u o‘rnatgan rekordlari bekor qilindi.

Paraatletikachi Kamolaxon Abdullayeva ham 2018 yildagi Paraosiyo o‘yinlarida doping iste’mol qilganlikda ayblanmoqda. Sportchi 2019 yil 11 fevraldan 2023 yil 10 fevralgacha diskvalifikatsiya qilindi va 2018 yil oktyabr oyidan boshlab barcha medallar, ochkolar, rekordlar va sovg‘alardan mahrum qilindi.

Xalqaro paralimpiya qo‘mitasining antidoping bo‘yicha direktori Jeyms Skleyter O‘zbekistonda bu kabi holatlar ortayotganidan xavotirda ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita antidoping tekshiruvlarini davom ettiradi hamda musobaqalarda teng sharoitlar yaratilishi uchun kelgusida choralar ko‘radi.