16 mart kuni OAVlarda Koreyada koronavirusga chalingan O‘zbekiston fuqarosi karantinga joylashtirilganligi, va yaqin orada unga javob berilishi haqida ma’lumot berilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Koreyadagi elchixonasi bergan bayonotga ko‘ra, Tegu shahridagi kompaniyalardan birining ikki xodimida koronavirus aniqlanganligi bois, xodimlarning bir qismi, jumladan O‘zbekiston fuqarosi ham ehtiyot chorasi sifatida karantinga joylashtirilgan. «Hozirda u o‘zini yaxshi his qilmoqda. Vatandoshimiz joylashtirilgan tibbiy muassasa bergan ma’lumotga ko‘ra hafta oxirigacha u yana bir qancha nazorat tibbiy ko‘rigidan o‘tadi va shundan so‘ng unga kasalxonadan javob berishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Tashqi ishlar vazirligi ushbu fuqaro koronavirus bilan kasallanmaganligi va ehtiyot chora sifatida karantinga olinganligini «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Bundan tashqari, Koreya sog‘liqni saqlash va farovonlik vazirligi tomonidan yuritiladigan va koronavirus holatlari bo‘yicha axborot beradigan yagona ma’lumotlar bazasida (koreys tilida) 17 mart holatiga ko‘ra koronavirus bilan kasallangan O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q.