Dushanba kuni kechqurun Eron (37 kishi) va Latviyadan (175 kishi) jami 212 nafar fuqaro Namanganga olib kelindi, deya xabar berdi O‘zA.

Eronga insonparvarlik yuki yuborilgan Mudofaa vazirligining yuk samolyoti Tehrondan maxsus reys bilan Eron-Turkmaniston chegarasida qolib ketgan 14 nafar haydovchi, talabalar, tadbirkorlar va boshqa shaxslarni olib qaytdi.

Rigadan esa Uzbekistan Airways layneri bilan parvoz amalga oshirildi. Har ikki samolyot 15 daqiqa farqi bilan Namangan aeroportiga qo‘ndi.

Yo‘lovchilar yetib kelishi bilan dezinfeksiyadan o‘tkazilib, so‘ngra avtobuslarda To‘raqo‘rg‘on tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi va Kosonsoy sanatoriyasiga ikki haftalik karantinga joylashtirildi.

Oldinroq O‘zbekiston TIV xorijdagi vatandoshlar ro‘yxati tuzilayotgani hamda ularni vatanga olib kelish uchun aviareyslar tashkil etish ustida ish olib borilayotganini xabar qilgan edi.