O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ba’zi viloyatlarda mahalliy hokimiyat vakillari maktablarda o‘quvchilar ishtirokida majlislar o‘tkazayotgani haqida ma’lum qildi.

«Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilar ishtirokida majlislar o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bermagan. Vazirlik viloyat xalq ta’limi boshqarmalariga ortiqcha majlislar va yig‘ilishlar o‘tkazmasligi bo‘yicha topshiriq berdi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, vazirlik mahalliy hokimiyat vakillaridan o‘qituvchilarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilmasliklarini talab qildi.

Eslatib o‘tamiz, yakshanba kuni O‘zbekistonda ilk bor Covid-19 koronavirusiga chalinish holati ro‘yxatga olingan edi. 15 mart kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilishda 16 martdan barcha ta’lim muassasalariga ta’til berildi. Shuningdek, ommaviy marosimlar va odamlar ko‘p to‘planadigan boshqa tadbirlar vaqtincha bekor qilindi.