Yakshanba kuni O‘zbekistonda ilk bor Covid-19 koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining qayd etishicha, kasallik aksariyat holatlarda (qariyb 80 foiz) yengil kechadi va sog‘lomlashish bilan tugaydi. Biroq asoratlari kuzatilishi mumkin. O‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligini qanday himoya qilishingiz mumkin? JSST quyidagi oddiy qoidalarga rioya qilishni tavsiya etmoqda.

Qo‘ligizni muntazam yuving

Qo‘lingizni muntazam ravishda sovun bilan yuving yoki spirt saqlovchi vosita bilan tozalang (agar qo‘llaringiz juda iflos bo‘lmasa). Agar qo‘llar yuzasida virus bo‘lsa, bu uni o‘ldiradi. Shuningdek, o‘z gadjetlaringiz va kompyuter texnikalaringizni muntazam ravishda dezinfeksiya qiling.

Odamlar gavjum joylardan qochishga harakat qiling

Gavjum joylarga zaruratsiz tashrif buyurmang. Iloji bo‘lsa, uzoqdan to‘lov usullarini va ro‘yxatdan o‘tish xizmatlarini tanlang.

Jamoat joylarida boshqalar bilan o‘rtangizda masofa saqlang

Odamlar bilan o‘rtangizda kamida 1 metr masofa saqlang, ayniqsa ularda yo‘tal, burun oqishi yoki isitma bo‘lsa. Respirator infeksiya bilan kasallanganlar yo‘talsa yoki aksirsa, atrofiga virusli mayda tomchilar tarqatadi. Agarda bunday odamga juda yaqin bo‘lsangiz, nafas olish vaqtida virusni yuqtirib olishingiz mumkin.

Imkon qadar qo‘llaringiz bilan ko‘zingiz, burningiz va og‘zingizga teginmang

Bu nima uchun kerak? Qo‘llar virus mavjud bo‘lgan ko‘p joylarga tegadi. Infeksiyali qo‘llar ko‘zlar, burun yoki og‘izga tegsa, virus qo‘llar terisidan tanaga o‘tishi mumkin.

Nafas olish gigiyenasiga rioya qiling

Yo‘talayotganda va aksirayotganda og‘zingiz va burningizni salfetka yoki yengingizning ichki qismi bilan yoping; salfetkani darhol qopqoqli axlat qutisiga tashlang va qo‘llaringizni spirtli antiseptik bilan tozalang yoki ularni sovun va suv bilan yuving. Agar siz yo‘talayotganda yoki aksirayotganda burun va og‘izingizni qo‘lingiz bilan yopib qo‘ysangiz, mikroblar sizning qo‘llaringizga, so‘ngra siz tegayotgan narsalarga yoki odamlarga o‘tishi mumkin.

Qo‘l berib ko‘rishish va quchoqlashishdan voz kechish kerakmi?

Ha. Respirator kasalliklarni keltirib chiqaradigan viruslar qo‘l berish ko‘rishish hamda ko‘z, burun va og‘izga teginish orqali yuqishi mumkin. Salomlashishda qo‘lingizni silkiting, boshingizni qimirlating yoki egilib qo‘ying.

Niqob taqish kerakmi?

JSST faqatgina sizda Covid‑19 alomatlari (ayniqsa yo‘tal) bo‘lsa yoki kasal kishiga qarayotgan bo‘lsangiz taqishni tavsiya qilmoqda. Bir marta ishlatiladigan niqoblardan takroran foydalanib bo‘lmaydi.

Jamoat joylarida rezina qo‘lqop taqish foyda beradimi?

Yo‘q. Siz rezina qo‘lqop taqmasdan, qo‘lingizni yuvib yursangiz virusdan ko‘proq himoyalangan bo‘lasiz. Koronavirus qo‘zg‘atuvchisi qo‘lqoplarni ifloslantirgan bo‘lishi mumkin. U bilan yuzga teginsangiz, o‘zingizni xatarga tashlagan bo‘lasiz.

Isitma ko‘tarilsa, yo‘tal paydo bo‘lsa va nafas olish qiyinlashsa, tezroq tibbiy yordamga murojaat qiling

Ushbu alomatlar zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilishni taqozo etadi, chunki respirator infeksiya yoki boshqa jiddiy kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Nafas olish organlarining zararlangani tana haroratining ko‘tarilishi bilan kechsa, bu turli sabablar qatorida Covid-19 bo‘lishi ham mumkin.

Agarda o‘zingizni yomon his etayotgan bo‘lsangiz, hattoki kasallikning yengil alomatlari, masalan, bosh og‘rig‘i yoki tumov, sog‘lomlashgunga qadar uyda qoling. Atrofdagilar bilan aloqaga kirishishdan saqlaning, o‘zingizni va yaqinlaringizni Covid-19 yoki boshqa virusli infeksiyalardan himoya qiling.

Koronavirus bilan bog‘liq murojaatlar uchun 1003 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71−276−49−66 telefon raqamlariga ham qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Yaqinlaringizga g‘amxo‘rlik qiling

Yaqinlaringizning sog‘lig‘ini muntazam surishtirib turing. Ularni yoqimli faoliyat bilan shug‘ullanishga undang. Keksa qarindoshlarga oziq-ovqat sotib olishga va to‘lovlarni to‘lashga yordam bering. Farzandlaringizga xotirjam va to‘g‘ri maslahat bering.

Agar siz 60 yosh va undan katta bo‘lsangiz hamda sizda somatik kasalliklar bo‘lsa (masalan, arterial gipertenziya, yurak, o‘pka, saraton kasalligi yoki diabet), odam ko‘p to‘planadigan va kasal odamlarni uchratadigan joylardan saqlaning.

Antibiotiklar yordam beradimi?

Yo‘q. Antibiotiklar viruslarga ta’sir qilmaydi, ular faqatgina bakterial infeksiyalarga faol ta’sir ko‘rsatadi. Covid‑19 virus bo‘lib, antibiotiklar unga nisbatan samarasiz. Covid‑19 profilaktikasi yoki uni davolashda antibiotiklardan foydalanish tavsiya qilinmaydi. Ular faqatgina bakterial infeksiyalardan davolanishda shifokor tavsiyasiga asosan qo‘llaniladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni JSST saytidagi Covid‑19 koronavirusi to‘g‘risidagi maxsus bo‘limdan olish mumkin.