O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Covid-19 koronavirusini yuqtirib olgan bemorlar ahvoli hozircha qoniqarli darajada ekanini ma’lum qildi.

SSV xabarida qayd etilishicha, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida zarur choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, epidemiologik surishtiruv hamda kasallik tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda.

«Hozirga qadar koronavirus infeksiyasi qayd etilgan 6 nafar bemor klinikamizda yotqizilgan. Ular Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, belgilangan stantdartlar asosida davolanmoqda, — dedi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyev. — Bemorlar shifokorlar tomonidan kecha-yu kunduz tibbiy nazoratga olingan. Umumiy ahvoli doimiy kuzatuvga olingan. Ayni paytda bemorlarimizning ahvoli qoniqarli».

Vazirlik koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni davolash uchun barcha sharoit yaratilganini qayd etib o‘tdi. Jumladan, tibbiyot muassasalari zarur dori-darmon vositalari hamda mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlangan.

Shuningdek, aholidan vahimaga berilmasdan, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish so‘raldi.

Eslatib o‘tamiz, yakshanba kuni O‘zbekistonda ilk bor Covid-19 koronavirusiga chalinish holati ro‘yxatga olindi. 15 mart kuni dastlab Parijdan 11 mart kuni uchib kelgan ayol kishida, so‘ngra uning o‘g‘li va qizida, 16 mart kuni esa birinchi bemorning turmush o‘rtog‘i, nevarasi hamda Istanbuldan uchib kelgan boshqa bir fuqaroda ushbu kasallik aniqlandi.

Koronavirusdan qanday himoyalanish kerak?