O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 16 martdan respublikadagi barcha ta’lim muassasalarida ta’til e’lon qilingani munosabati bilan bog‘cha bolalar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ota-onalariga ta’til berilishi tartiblarini bayon qildi.

Unga ko‘ra, farzandi maktabgacha ta’lim muassasi tarbiyalanuvchi yoxud boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bo‘lgan, ishlaydigan ona yoki otaga ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, foydalanilmagan yillik mehnat ta’tili (Mehnat kodeksi 133-modda) ta’tillar jadvalidan qat’iy nazar beriladi.

Agar xodim yillik mehnat ta’tilidan avval foydalangan bo‘lsa yoki karantin tadbirlari o‘tkazilayotgan davrda yillik mehnat ta’tilidan foydalanish istagini bildirmasa yoki birinchi ish yilida yillik mehnat ta’tilini olish uchun zarur bo‘lgan ish staji (olti oydan kam bo‘lmagan mehnat faoliyati)ga ega bo‘lmasa, (Mehnat kodeksi 143,144-modda) ish beruvchi tomonidan xodimlarga ularning roziligi bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi (Mehnat kodeksi 150-modda) yoki ular ish vaqti to‘liq bo‘lmagan (Mehnat kodeksi 119-modda) ishga o‘tkaziladi. Bunda ishlangan ish vaqtiga mutanosib ravishda ish haqi to‘lanadi.

Shuningdek karantin tadbirlari davrida ish beruvchi xodimni (ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar) ularning roziligi bilan masofaviy (distansion) mehnat va kasanachilik asosidagi mehnatga o‘tkazishi mumkin.

Bunda xodim tomonidan masofaviy mehnat doimiy ish joyidan tashqarida, texnik vositalar (kompyuter, aloqa vositalari, shu jumladan Internetga ulanish va h.k.) mavjud bo‘lgan taqdirda elektron hujjatlar almashinuvidan foydalangan holda yo‘lga qo‘yiladi. Kasanachilik asosidagi mehnat esa qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining masofaviy ta’lim jarayoniga jalb etilgan xodimlar, shuningdek, karantin choralari davrida ta’lim tashkilotlarining ishlashini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xodimlarning ish haqi saqlanib qolinadi.

Ta’lim muassasalarining boshqa xodimlariga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda yillik mehnat ta’tili yoki ish haqi saqlanmagan holdagi ta’til beriladi yoki ish vaqti to‘liq bo‘lmagan ishga o‘tkaziladi.

Yuqoridagi holatlarning barchasi ish beruvchi hamda xodimning o‘zaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi.