15 mart kuni soat 05:15da «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasiga qarashli Istanbul-Toshkent yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiya aniqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ma’lumot bergan.

Ta’kidlanishicha, laborator tahlil respublika Virusologiya ilmiy tekshirish institutida o‘tkazilgan hamda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davolash va epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 15 mart kuni O‘zbekiston hududida ilk koronavirus bilan kasallangan fuqaro aniqlangani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng, hukumat maxsus komissiyasi tegishli qarorlarni qabul qilib, infeksiyaga qarshi kurash choralarini qat’iylashtirgan.

Infeksiyani yuqtirib olgan ilk o‘zbekistonlik shaxs bilan muloqotda bo‘lgan uning oila a’zolari tibbiy tekshiruvdan o‘tganda, tahlil natijalari bemorning o‘g‘li va qizida koronavirus infeksiyasi borligini ko‘rsatdi. Ayni paytda barcha bemorlar qat’iy karantinga olingan.