General-mayor Jo‘rayev Rustam Mirzayevich O‘zbekiston Milliy Gvardiyasi qo‘mondoni lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Rustam Jo‘rayev tayinlovga qadar 2018 yil fevralidan buyon ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Toshkent IIBB boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan edi.

Rustam Jo‘rayev (1968 yilda tug‘ilgan) — Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bitiruvchisi (1994). 1994−2008 yillarda Ichki ishlar vazirligida turli lavozimlarda, 2008−2012 yillarda — Prezident devonida, 2012−2015 yillarda Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, 2015−2015 yillarda — Namangan viloyati IIB boshlig‘i, 2015−2017 yillarda — Xorazm viloyati IIBB boshlig‘i, 2017−2018 yillarda — favqulodda vaziyatlar vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2017 yilda Milliy gvardiya tashkil etilganidan beri general-polkovnik Bahodir Toshmatov qo‘mondon sifatida xizmat qildi. Uning qaysi lavozimga tayinlangani hozircha e’lon qilinmadi.

Oldin ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan polkovnik Aziz Anvarovich Toshpo‘latov ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Toshkent IIBB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Ilgari Andijon viloyati IIB boshlig‘i bo‘lgan general-mayor Shuxratjon O‘rinboyevich Sobirov ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Andijon viloyati IIBni endilikda polkovnik Azat Damirovich Tasbayev boshqaradi. Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar u Ichki ishlar vazirligining xavfsizlik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.