O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jamoat tinchligiga tahdid soluvchi chaqiriqlar va ma’lumotlar tarqatganlar jinoiy javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Ogohlantirib qo‘yayapman. Bu — favqulodda holatga o‘xshagan narsa e’lon qilinmoqda respublika bo‘yicha. Agar biror kim har xil chaqiriq, odamlarni vahimaga solish, o‘zicha aqllilik qilib, keyin hazil qilmoqchi edim, deb yig‘lab o‘tiradiganlar bor, agar shunday ma’lumotlar tarqatadigan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Qonunchilikda yetarlicha moddalar ko‘zda tutilgan», — dedi Abdulla Aripov.

Hukumat rahbari OAVni ogohlantirar ekan, zarurat tug‘ilgan taqdirda efirga chiqishni taqiqlashdan tortib, internetni o‘chirishgacha qat’iy choralar ko‘rilishi mumkinligini ta’kidladi.

«Yig‘ilishda bosh prokuror o‘rinbosarlari qatnashayapti… [Aybdorni] aniqlab, topish — muammo emas. Bizni har xil texnik choralarni ko‘rishga majbur qilmanglar. Kerak bo‘ladigan bo‘lsa, umuman efirga chiqmaydigan qilib qo‘yamiz. Internet tarmog‘idan ham o‘chirish chorasini qila olamiz. Texnik vositalarimiz yetardi», — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazir avtomobillar narxni oshirilganiga qarshi namoyish o‘tkazishga chaqirgan erkakning xatti-harakatlariga izoh berdi.

«Kecha bitta mo‘mintoy avtomobil narxlari [oshirilishi] bo‘yicha hammani 12 yarimda yig‘ilishga chaqirgan ekan. Mana, kechasi bilan o‘tirib, tavba qildim, deb, boshqa qildim, deb, „Men hazillashgandim“, deb… Senga hazillashishga chiqarib qo‘yibdimi qonunlarni? Hozir endi qonun oldida javob beradi. Boshqalarni qo‘rqitish bilan, boshqalarga qo‘rquv solish bilan har xil ma’luomotlarni tarqatmoqchi bo‘layotganlar, qo‘lingizda bu ommaviy axborot vositasi kuchga ega ekanligini bilgan biladi, bilmagan bilmaydi. Shu bilan birga, buni ishlatishning juda katta, og‘ir mas’uliyati bor. Bunaqa holatda hazil ketmaydi», — dedi hukumat rahbari.