Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev 15 mart kuni mamlakatda 15 aprelga qadar favqulodda holat e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Qaror Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Covid-19 yangi koronavirusi pandemiyasini e’lon qilgani munosabati bilan fuqarolar hayoti va salomatligini himoya qilish maqsadida qabul qilindi.

Favqulodda holat davrida quyidagi chora va vaqtinchalik cheklovlar joriy etiladi:

  • jamoat tartibi, muhim davlat va strategik, qattiq rejimli, rejimli va alohida muhofaza qilinadigan ob’ektlar, shuningdek aholi hayotiy faoliyati va transportning ishlashini ta’minlaydigan ob’ektlarni himoya qilish kuchaytiriladi;
  • yirik savdo ob’ektlari faoliyati cheklanadi;
  • savdo-ko‘ngilochar markazlar, kinoteatrlar, teatrlar, ko‘rgazmalar va boshqa odamlar ko‘p to‘planadigan ob’ektlar faoliyati to‘xtatiladi;
  • karantin joriy etiladi, jumladan, aholining sanitariya-epidemiologik farovonligi sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi Mudofaa vazirligi va ichki ishlar organlarining tuzilmaviy bo‘linmalari ishtirokida keng miqyosli sanitariya-epidemiologik tadbirlar o‘tkaziladi;
  • ko‘ngilochar, sport va boshqa ommaviy tadbirlar, shuningdek oilaviy, xotira tadbirlarini o‘tkazish taqiqlanadi;
  • Qozog‘iston hududiga kirish, shuningdek, barcha transport vositalari bilan chiqish uchun cheklovlar joriy etiladi, Qozog‘iston va xorijiy davlatlar diplomatik xizmati xodimlari, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligining taklifiga binoan mamlakatga tashrif buyuradigan xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari a’zolari bundan mustasno.

Hukumatga tibbiy ko‘rikdan va davolanish, karantin rejimiga rioya qilishdan bosh tortgan, epidemiologik vaziyatni aniqlashga oid ma’lumotlarni yashirgan shaxslar ustidan nazoratni kuchayirish va ularni javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriq berildi.