Koronavirus sabab O‘zbekistondagi barcha OTM talabalari, maktab o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga 16 martdan ta’til beriladi, deya xabar qildi O‘zA.

Bu haqda bosh vazir o‘tkazgan yig‘ilishda aytildi.

Eslatib o‘tamiz, 15 mart, yakshanba kuni, soat 06:00 da Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Xalq ta’limi vazirligining xabar qilishicha, o‘quvchilar ta’til paytida bilim olishlari uchun O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekompaniyalar bilan birga o‘quv dasturlarida rejalashtirilgan dars mashg‘ulotlarini televizion efirga uzatish uchun videodarslar tasvirga olinadi hamda efir vaqtlari ajratadi.

Televizion videodars mashg‘ulotlarini tayyorlash va uni tasvirga olish bo‘yicha soha xodimlaridan iborat tashkiliy-ijodiy guruh tuziladi.

Videodarslar Xalq ta’limi vazirligining ijtimoiy tarmoqlaridagi kanallar va rasmiy veb-saytlarida, elektron axborot portallari (onlain maktab) orqali ham namoyish etib boriladi.
Shuningdek, komissiyaning topshirig‘iga ko‘ra maktablarda tozalik va dezinfeksiya tadbirlari kuchaytiriladi, ta’lim muassasalaridagi tibbiyot xonalarini zaruriy tibbiy asbob-uskunalar, zararsizlantiruvchi vositalar hamda dori-darmonlar bilan ta’minlanadi.