Toshkent IIBB internetda UzAuto Motors avtomobillari narxlarining ko‘tarilishiga qarshi norozilik aksiyasini o‘tkazish uchun yig‘ilishga chaqiriq bilan chiqqan shaxs qidirilayotgani haqida xabar berdi.

«Hurmatli hamyurtlar! Sizdan ig‘vogarlik chaqiriqlardan ta’sirlanmaslikni va faqatgina qonun doirasida harakat qilishingizni so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

Boshqarma O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201- moddasiga ko‘ra, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish — bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan (14 316 600 so‘m) sakson baravarigacha (19 088 800 so‘m) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishini eslatib o‘tdi.

4 mart kuni UzAuto Motors kompaniyasining bir qator Chevrolet modellari narxlarini oshirgani (3−21% ga) jamoatchilik noroziligini keltirib chiqardi. Juma kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hozirgi sharoitda narxlarning oshirilishini noto‘g‘ri dedi. U avval xalqning xarid qobiliyatini oshirish zarurligini ta’kidladi.