12 mart kuni Jahon bankining Direktorlar kengashi yig‘ilishida Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekistonga suv ta’minoti tizimini rivojlantirish va uni institutsional qo‘llab-quvvatlash loyihasini moliyalashtirish uchun 239 mln AQSH dollariga teng kredit ajratish tasdiqlandi.Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi «Gazeta.uz»ga xabar bergan.

Jahon bankining qayd etishicha, bugungi kunda mamlakatning suv ta’minot tizimi va kanalizatsiya infratuzilmasi kapital rekonstruksiya va yanada kengaytirishni talab qilmoqda. Ushbu infratuzilmaning mavjud quvvati va texnik xizmat ko‘rsatilishi o‘sib borayotgan aholi ehtiyojlarini qondira olmayotganligi, va mamlakatning ko‘plab hududlarida suv ta’minoti va kanalizatsiya sifatining pasayib borayotganligi aytilgan.

«Ushbu loyihani amalga oshirish natijasida, O‘zbekistonning uchta hududidagi 500 000 dan ortiq aholi yanada sifatli suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalana oladilar», deb izoh bildirgan Xideki Mori, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

Ushbu loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus, Taxiatosh va Xo‘jayli shaharlarida oqava suv tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Sirdaryo viloyatida va Samarqand viloyatidagi Kattaqo‘rg‘on shahrida ham suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari kengaytirilib, rekonstruksiya qilinadi.

Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekiston bo‘ylab energiya va suv yo‘qotishlarini kamaytirishdir. Jahon banki mutaxassislarining fikricha, bunga suv ta’minoti xizmatlari sohasida energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish mexanizmini, shuningdek, mahalliy suv kanallari foydalanishi mumkin bo‘lgan suv iste’molini hisoblash dasturlarini joriy qilish orqali erishish mumkin.

Bundan tashqari, ushbu loyiha doirasida Shveysariyaning Iqtisodiy ishlar bo‘yicha davlat kotibiyati O‘zbekistonda suv ta’minoti xizmatlari sektorining institutsional va tartibga soluvchi salohiyatini rivojlantirish uchun 7,8 million dollar miqdorida grant ajratadi. Ushbu loyiha suv ta’minoti tizimining samaradorligini va shaffofligini oshirish maqsadida O‘zbekiston hukumatiga mazkur sektorni isloh qilishda yordam beradi.

Jahon banki O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishda texnik yordam va umumiy qiymati 3,5 milliard AQSH dollariga teng 21 ta loyihani moliyalashtirish orqali yordam bermoqda. Ular makroiqtisodiy siyosatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti va kanalizatsiya, energetika, transport, ijtimoiy himoya, shuningdek, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida amalga oshiriladi.