14 mart kuni 00:00 dan boshlab O‘zbekiston Fransiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya bilan avialoqalarni to‘xtatadi. Ushbu qaror 12 mart kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida qabul qilindi, deya xabar berdi «Gazeta.uz»ning hukumatdagi axborot manbasi.

Xuddi shu kundan boshlab chegara o‘tkazish punktlari orqali Xitoy, Koreya Respublikasi, Italiya, Eron, Fransiya va Ispaniya fuqarolari hamda ushbu mamlakatlarda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, so‘nggi 14 kun davomida mazkur davlatlarga tashrif buyurgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistonga kirishi vaqtincha cheklanadi.

Joriy etilayotgan cheklovlar diplomatik va xizmat pasporti egalari, shuningdek, sanab o‘tilgan olti davlatda doimiy istiqomat qiluvchi, biroq O‘zbekistonga tashrif buyurganga qadar 14 kun davomida ushbu mamlakatlarga tashrif buyurmagan fuqarolarga taalluqli emas.

Zarurat tug‘ilgan taqdirda, sanab o‘tilgan davlatlardan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun charter reyslar tashkil etilishi mumkin.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, vazirlik va idoralarga Covid-19 koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar rahbarlar va xodimlarga chet el safarlarini imkon qadar cheklash tavsiya qilindi.