O‘zbekistonda Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bir qator tadbirlar bekor qilindi. Vazirlar Mahkamasi 13 martda o‘tkazilgan yig‘ilishda tegishli qarorni qabul qildi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Navro‘z bayrami arafasida Toshkentda o‘tadigan Navro‘z marafoni, Xivada 31 mart -1 aprel kunlari tashkil etiladigan «2020 yilda Xiva shahri turkiy dunyo madaniyati poytaxti» yilining rasmiy ochilish marosimi hamda «Buxoro shahri — Islom olami madaniyati poytaxti», deb e’lon qilinishi munosabati bilan 14−16 aprel kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar bekor qilindi.

O‘z navbatida, asosiy bayram tadbirlari va xalq sayllari o‘tkaziladigan joylarda yangi turdagi COVID-19 koronavirusining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida tegishli profilaktik choralar ko‘riladi, tibbiy nazorat kuchaytiriladi.

Joylarda ko‘chma savdo do‘konlari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, kitob rastalari, bahoriy taom sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil etiladi, milliy chorpoyalar, so‘rilar va xontaxtalar joylashtiriladi.

Bog‘larda, ochiq maydonlarda dorbozlar, polvonlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlarning tomoshalari, qushlar ko‘rgazmasi, varrak uchirish, arqon tortish, arg‘imchoq uchish kabi xalq o‘yinlari musobaqalari tashkil etiladi.

Sayl davomida mamlakatda istiqomat qiladigan turli millat vakillarining badiiy chiqishlari, folklor-etnografik guruhlarning konsertlari ham o‘tkaziladi.

Yig‘ilishda joriy yilning 14−15 mart kunlari «Obod yurt» umumxalq obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish xayriya hasharini uyushqoqlik bilan tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.