O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 mart kuni Urganchda Xorazm viloyati va tumanlar hokimlari, mahalliy kengashlar deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tadbirkorlar, ziyolilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

«Xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan islohotlarimizni odamlar bilan muloqot va maslahat asosida ishlab chiqyapmiz. Xorazmga ham joylarda aholini qanday muammolar tashvishga solayotgani haqida suhbatlashgani keldim. Shuning uchun menga ko‘proq masala qo‘ysalaringiz natija bo‘ladi. Biz yolg‘on, balandparvoz gapirib shu ahvolga keldik. Prezidentga yolg‘on gapirish — Vatanga xiyonat», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Viloyatning rivojlanish darajasi orqada qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot respublika ko‘rsatkichidan 1,5 barobar, sanoat mahsuloti va xizmat ko‘rsatish hajmi bo‘yicha esa 2 barobar past. Hududda 58 ming oila kambag‘allik bo‘sag‘asida kun kechirmoqda. Shundan 856 tasi o‘ta nochor ahvolda. Ko‘plab odamlar ishlash uchun xorijga ketgan. Bularning barchasidan kelib chiqib, Xorazmda 200 ming ish o‘rni yaratish zarur.

Davlat rahbari aholini tadbirkorlikka jalb etgan holda, yangi korxonalar va ish o‘rinlari yaratish, shu orqali kambag‘allikni keskin qisqartirish asosiy maqsad ekanini ta’kidladi.

Tuman va shaharlarda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, banklarni «loyihalar fabrikasi»ga aylantirish zarurligi qayd etildi. 2,5 mingta bo‘sh turgan binolar negizida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish, «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasini yangi loyihalar bilan to‘ldirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Qishloq tumanlarda pullik xizmat ko‘rsatish Urganch shahriga nisbatan 10−15 barobar pastligi ta’kidlanib, bunday ob’ektlarni keskin ko‘paytirish kerakligi belgilandi.

Yaqin uch yilda umumiy qiymati 24 trillion so‘mlik 2 ming 736 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 50 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Hazoraspdagi avtomobil zavodida «Damas» va «Labo» mikrovenlari ishlab chiqarishning mahalliylashtirish darajasini 65 foizga yetkazish (hozir 27 va 14 foiz) bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi.

Viloyatda kelgusi yilda paxtani qayta ishlash darajasini 100 foizga, ip-kalavani uch yilda bugungi 35 foizdan 70 foizga yetkazish bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqiladi.

Malayziyalik investorlarning 250 million dollar sarmoyasi hisobidan yiliga 63 ming tonna kaustik soda va xlor ishlab chiqaradigan kimyo zavodi quriladi.

Suvdan unumli foydalanish, meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish, qovunchilikda «Xorazm navi» brendini yaratib, qovun yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Sayyohlik salohiyatini kengaytirish maqsadida Shovot kanalining ikki yonida kichik turizm zonasini, Xivada «Xorazm xonlari shaharchasi»ni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlat rahbari milliy san’atni tarannum etish, xorijliklarni O‘zbekistonga jalb qilish maqsadida Xorazmda lazgi bo‘yicha xalqaro festival o‘tkazishni taklif etdi.