O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan Eronga koronavirus bilan qarshi kurashish uchun insonparvarlik yordami jo‘natiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar qildi.

Insonparvarlik yordami Eron hukumatining O‘zbekiston prezidentiga yangi koronavirus COVID-19 kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan tibbiy buyumlar va vositalar bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan murojaati asosida yuborilmoqda.

Mudofaa vazirligi tomonidan Eronga insonparvarlik yukini yetkazish uchun ajratilgan havo kemasida hozirgi kunda Eronda qolib ketgan 14 nafar yuk tashuvchi xaydovchilar, tadbirkorlar, talabalar — jami 28 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytariladi.

Mamlakatga qaytgan fuqarolar va samolyot ekipaji a’zolari qaytib kelgach, belgilangan tartibda malakali shifokorlar, soha mutaxassislari nazorati ostida ikki hafta muddatda karantinda saqlanadi.

Eronda COVID-19 virusidan halok bo‘lganlar soni 500 kishidan oshdi, jami 11364 kishi kasalikka chalingan. O‘tgan bir kun davomida 1289 kishi koronavirus bilan kasallandi.

Avvalroq Tehron BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga kasallikka qarshi kurashish uchun AQSH Eronga joriy etgan sanksiyalarni bekor qilish zarurligi to‘g‘risida murojaat qildi. Bundan tashqari, mamlakat hukumati Xalqaro valyuta jamg‘armasidan 5 mlrd dollar miqdorida yordam so‘radi.