AQSH prezidenti ma’muriyati so‘nggi 14 kun ichida Shengen zonasiga kiruvchi 26 ta Yevropa davlatlariga tashrif buyurgan chet el fuqarolarining mamlakatga kirishiga cheklov e’lon qildi. Oq uy saytidagi bayonotda Covid-19 koronavirusi tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar «misli ko‘rilmagan» deb nomlangan. Cheklovlar 13 martda kuchga kiradi va 30 kun davomida amal qiladi.

Ma’muriyatning ta’kidlashicha, Shengen hududida Covid-19 kasalligi xitoylik ro‘yxatga olinganidan keyin eng ko‘p qayd etilgan — taxminan 17,5 mingta. Koronavirusdan vafot etganlar soni 711 kishini tashkil qildi. Shu bilan birga, 9 martdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu 53 mamlakatdan koronavirusga chalingan 201 kishi kelgan.

«Shengen davlatlari orasida odamlarning erkin harakatlanishi virus tarqalishini nazorat qilish vazifasini qiyinlashtiradi», — deyiladi xabarda. AQSH hukumati «Shengen hududidan kelganlarning barchasini «samarali baholash va kuzatib borish imkoniga ega emasligini» tan oldi. Cheklovlar yuklarni tashishda qo‘llanilmaydi.

Cheklov joriy etilgan mamlakatlardan kelgan AQSH va boshqa davlatlar fuqarolari cheklangan miqdordagi aeroportlarga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yuboriladi.

Prezident Donald Tramp yangi koronavirusga qarshi kurashish uchun 8 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ ajratilganligini ma’lum qildi.

1 milliondan ortiq koronavirus testlari mamlakatning barcha mintaqalarida tarqatiladi va yana 4 milliontani hafta oxiriga yetkazish kutilmoqda.

Barcha tibbiy muassasalarning xodimlari infeksiyadan himoya qilish uchun zarur miqdordagi niqob va respirator bilan ta’minlangan.

Virus tarqalishidan zarar ko‘rgan biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun iqtisodiy yordam choralari e’lon qilindi. Ayrim toifadagi tadbirkorlar uchun soliq to‘lovlarini kechiktirish taklif qilingan. Shuningdek, kompaniyalarning kasal ishchilariga moliyaviy yordam ko‘rsatiladi.

«Prezident Tramp boshidanoq jamoatchilikning xabardorligini ustuvor yo‘nalish deb belgilab qo‘ydi», deyiladi bayonotda.

AQSHning 24 shtati va poytaxtida koronavirus tufayli favqulodda holat e’lon qilindi. Kasallikka chalinish holatlari 41 shtat va Kolumbiya okrugida qayd etilgan. 12 mart holatiga ko‘ra ularning soni 1237 tani tashkil etdi. Shulardan 70 tasi tashqaridan tashib keltirilgan: 3 tasi — Vuxandan (Xitoy), 46 tasi — Diamond Princess, 21 tasi — Grand Princess sayohat kemalaridan. Mamlakat ichidagi yuqtirish holatlari — 1167 ta, 37 kishi vafot etgan.

Shu bilan birga, taniqli amerikalik aktyor Tom Xanks Twitter orqali o‘zi va rafiqasi Ritaning koronavirus bilan kasallanganligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular hozir Avstraliyada. Er-xotinlar ahvoli yomonlashganidan so‘ng, ular «hozirgi paytda qanday harakat qilish kerak» deb shifokorlarga murojaat qilishgan. Koronavirus testi ijobiy chiqdi.

AQSH Milliy basketbol assotsiatsiyasi (NBA) o‘yinchilardan birida koronavirus aniqlangani sababli 2019/20 mavsumni to‘xtatdi.