11 mart kuni BMT Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi qoshidagi Akselerator laboratoriya tomonidan Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan kraudfanding tashabbusiga start berildi.

«Yashil Orol dengizi» tashabbusi Orol dengizining qurigan tubidagi 100 gektar maydonga 100 000 dona saksovul ko‘chatlarini ekish va shu bilan Orol fojeasining oqibatlarini bartaraf etishga, hududda yashovchi aholi turmush darajasini yaxshilashga hissa qo‘shishni maqsad qilgan, deya xabar berdi BMTTD vakolatxonasi «Gazeta.uz»ga.

Tashabbusning o‘ziga xosligi xohlovchi fuqarolar, kompaniyalar va tashkilotlar mablag‘larini yig‘ishga asoslangan. Tashabbusni uning saytiga tashrif buyurib, pul o‘tkazish orqali qo‘llab-quvvatlash mumkin. Kampaniya qator davlat organlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va bir qator yirik homiylarni jalb etdi.

Tashabbus Orol dengizi hududidagi muammolarni hal etish bo‘yicha keng miqyosli dasturlarning bir qismi hisoblanadi. U hukumat BMTTD bilan sherikchilikda amalga oshirayotgan Orol dengizi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish konsepsiyasiga kiritilgan.