Ayni paytda O‘zbekistonda 170 nafar tuman va 25 nafar (viloyat va respublika bo‘ysinuvidagi) shahar hokimi orasida faqat 6 nafar ayol ish boshlagan.

20 yanvar kuni o‘tgan Senatning birinchi yalpi majlisida nutq qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev tuman hokimi lavozimiga ayollarni qidirayotgani, munosib nomzodlarni amalda sinab ko‘rishi haqida aytgandi.

«Nima uchun? Ayollarimiz muammolarni chuqurroq bilishi, fidoyiligi, kuchli mas’uliyat tuyg‘usi, mehnatsevarligi bilan barchaga o‘rnak bo‘la oladi deb takror-takror aytmoqchiman», — deya ta’kidlagandi davlat rahbari.

Shundan bir oy o‘tmay amaldagi prezident davrida ilk ayol-hokim — Dilfuza Uralova Sirdaryoning Boyovut tumaniga rahbar etib tayinlandi. Shundan so‘ng Buxoroning Olot tumaniga Nargiza Ne’matova, Andijonning Bo‘ston tumaniga Sadbarxon Mamitova, Qashqadaryoning Qarshi tumaniga Maqsuda Mustafoyeva, Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumaniga Zulayho Mahkamova va Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumaniga Gavhar Alimova hokim etib tayinlandi.

Davlat va jamiyat boshqaruvida hukumat nega birdan o‘zgarishga qo‘l urdi? Bu ham gender tengligiga intilishning boshqacha ifodasimi?

Hozirga qadar tayinlangan ayol-hokimlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi ko‘rinmas iplar mavjud. Birinchidan, ularning barchasi turli yillarda hokimi o‘rinbosari — tuman (viloyat) xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan. Masalan, Qarshi tumaniga hokim etib tayinlangan Maqsuda Mustafoyeva yaqin kunlargacha viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lgan. Shuningdek, samarqandlik Gavhar Alimova ham viloyatda xotin-qizlar qo‘mitasi raisi edi.

18 fevral kuni imzolangan prezidentning tegishli farmonida Xotin-qizlar qo‘mitasi tugatilgani bildirilgandi. Shu islohot ham salohiyatli xotin-qizlarni yuzaga chiqarib, ularni tizimdan tashqari vazifalarda sinab ko‘rish imkoniyatini paydo qildi.

Ikkinchidan, hokimlarning barchasi deputat yoki senator hisoblanadi. Alimova, Uralova — senator, Ne’matova, Mustafoyeva, Mamitovalar esa xalq deputatlari mahalliy kengashi a’zosi hisoblanadi. Ya’ni ular shu paytga qadar qabul qilingan qaror va boshqa hujjatlarga bevosita/bilvosita ta’sir o‘tkazib kelgan. Boshqa tomondan ular qarshi jinsdagi ko‘pchilik hokimlardan farqlanmay, qo‘l ostida ham ijro, ham qonun chiqaruvchi organ vakolatlarini yig‘gan.

Uchinchidan, yangi tayinlangan ayol-hokimlar xususiy sektorda katta yutuqqa erishmagani bilan o‘zaro o‘xshash. Ularning ko‘pchiligi GONGO (davlat tomonidan tashkil etilgan nodavlat tashkilot) yoki bevosita hokimiyat tizimida mehnat qilib, lavozim pillapoyasidan ko‘tarilgan.

Mohiyatan yangi hokimlarning professional jihatdan qarshi jinsdagi hokimlardan katta farq qilmagan holda tajribaga ega ekani boshqaruv tizimini islohot qilmoqchi bo‘lgan hukumatni cho‘chitmadi, shekilli. Hatto respublikadagi yagona prokuror ayol — Yakkasaroy tuman prokuraturasi rahbari Nilufar Allaberganova daraxtlarning kesilishida o‘z vazifani to‘laqonli bajarmagani uchun «xayfsan» olganda ham, jamiyat boshqaruvida ayollardan ko‘proq ijobiy natijalar kutmoqda.

Shunga qaramay, mustaqil O‘zbekiston tarixida haligacha ayollardan viloyat hokimi, elchi yoxud huquq-tartibot organlari rahbari tayinlanmagan.