9 mart kuni Adliya vazirligi tomonidan xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti «Mehribonlik Korpusi» (Mercy Corps)ning (AQSH) O‘zbekistondagi filiali davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.


Filial ustaviga muvofiq, uning asosiy maqsadlaridan biri qishloq va shaharlardagi oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida xususiy, davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar o‘rnatish va yanada mustahkamlash, shuningdek, ta’lim muassasalarining o‘qitish, mutanosib ovqatlanish va ularning infrastrukturasini yaxshilash uchun hukumat bilan hamkorlikda ta’lim sifatini oshirishdir.

Filial AQSHning qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «O‘zbekistonda ta’lim va bolalar ovqatlanishi uchun oziq-ovqat mahsulotlari» loyihasini 2020−2025 yillarda amalga oshirishni rejalashtirayotganligini bildirdi.

Mazkur loyiha Qorqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida mutanosib ovqatlanish va ularning infrastrukturasini yaxshilashga mo‘ljallangan.

Filialning faoliyati asosan qishloqlarda va imkoniyati cheklangan hududlardagi 410 ta maktabgacha ta’lim muassasalariga yo‘naltirilgan bo‘lib, ushbu muassasalarda ta’mirlash-qurilish ishlari olib boriladi, shuningdek, ular suv ta’minoti va sanitariya holatini yaxshilash uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Loyiha va ustavda nazarda tutilgan faoliyatining boshqa yo‘nalishlari doirasida filial maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’limi hamda sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirmoqda.