Nigina Xayrullayevna Rahimova «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori etib saylandi, deya xabar qilindi markazdan «Gazeta.uz»ga. Bungacha u markaz direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Tashkiliy masala 6 mart kuni markaz ta’sischilari yig‘ilishida ko‘rib chiqildi. Nigina Rahimova markazni 1998 yildan buyon boshqarib kelayotgan va «Ijtimoiy fikr» direktorining katta maslahatchisi etib tayinlangan akademik Ra’no Ubaydulla o‘rnini egalladi.

«Ijtimoiy fikr» markazi 1997 yilda prezident farmoni bilan tashkil etilgan. Markaz faoliyati Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.