9 mart kuni O‘zbekiston inson huquqlari «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ushbu ma’lumotni tashkilot yetakchilaridan biri A’zam Farmonov «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Uning aytishicha, Adliya vazirligining nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganligi to‘g‘risida 903-son guvohnomasini qo‘lga kiritgan tashkilot tez orada faoliyati yuzasidan batafsil ma’lumot beradi.

Human Rights Watch xarqaro tashkilotining sobiq yurist-konsultanti va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Stiv Sverdlovning ma’lum qilishicha, tashkilot uch urinishda rasman ro‘yxatdan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, huquqbon ushbu turdagi tashkilot 2003 yildan beri ilk marta ro‘yxatga olinganini aytdi.

Xalq orasida «Jasliq» nomi bilan tanilgan Qoraqalpog‘istonda joylashgan jazoni ijro etish muassasasi sobiq mahkumi A’zam Farmonov 11 yillik tutqunlikdan so‘ng 2017 yili ozodlikka chiqarilgandi. Inson huquqlari jamiyatining a’zosi hisoblangan Farmonov 2006 yilda tovlamachilik kabi jinoyatlarni sodir etishda aybli topilgandi.

2018 yili ozodlikka chiqqan jurnalist Dilmurod Saidov hamda Farmonov «Adolat tiklanishi» NNT davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilgan, ammo ularning so‘rovi 2019 martda rad qilingan. Shuningdek, huquqbon A’zam Turg‘unov ham ozodlikka chiqqandan so‘ng, o‘z faoliyatini davom ettirish uchun Adliya vazirligiga murojaat qilgan. Ammo uning urinishi hozirgacha natijasiz bo‘lmoqda.

Bundan avval Adliya vazirligi tomonidan bosh vakolatxonasi AQSHda joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti «Mehribonlik Korpusi» (Mercy Corps)ning O‘zbekistondagi filiali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani xabar qilingandi.