O‘zbekistonda ingliz tili o‘qituvchilarining bilim va malakalarini oshirishga qaratilgan English Speaking Nation: Secondary Teacher Training (ESN:STT) loyihasi ishga tushirilmoqda. Dastur Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Amerika tashkilotlari ishtirokida amalga oshiriladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Dushanba kuni loyihani ishga tushirish marosimida xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va AQSHning Toshkentdagi elchisi Deniyel Rozenblyum ishtirok etdi.

ESN:STT — xalq ta’limi tizimi o‘qituvchilari uchun ingliz tilini o‘qitish malaka va uslublarini mustahkamlash yo‘li bilan o‘qitish va ta’lim berish ekotizimlarini rivojlantirishga qaratilgan dastur hisoblanadi.

Loyiha XTV huzuridagi Innovatsiyalar, texnologiyalar va strategiyalar markazi tomonidan American Councils (Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari), RTI (Research Triangle Institute) va Xalqaro taraqqiyot bo‘yicha AQSH agentligi (USAID) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Dastur ingliz tili o‘qituvchilariga ta’lim beruvchi trenerlar hamda o‘rta maktablar ingliz tili o‘qituvchilariga kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini taqdim etadi.

ESN:STT doirasida o‘rta maktablarning 15 ming nafar pedagoglari va 1000 nafardan ortiq trener-o‘qituvchilarga ishdan ajralmagan holda ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha ko‘nikmalari va o‘qitish uslublaridan saboq beriladi. Dastur maqsadlaridan biri o‘quvchilar o‘rtasida ingliz tilini bilish darajasi va sifatini yaxshilashdan iboratdir.

Loyiha menejeri Emina Shayxametovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, loyiha uch yilga mo‘ljallangan bo‘lib, trener-instruktorlarni tayyorlash bo‘yicha kaskad modelini o‘zida mujassam etadi. Dastur o‘rta maktablar ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy tayyorgarligini oshirish va pedagoglar o‘rtasida hamkasblarni qo‘llab-quvvatlash uchun ustoz-shogirdlik dasturlarini joriy etishni o‘z ichiga oladi.

Loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda TESOL xalqaro assotsiatsiyasi va Jorj Meyson universiteti (GMU) tomonidan o‘tkaziladigan intensiv ta’lim dasturida ishtirok etish uchun saralab olingan 40−45 nafar ingliz tili o‘qituvchisidan ikkita guruh tashkil etiladi.

Har bir guruhda o‘qituvchilar 140 soatlik TESOL sertifikati dasturida, shu jumladan 20 soatlik majburiy praktikum va trenerlar uchun ikki haftalik treningda qatnashadilar.

To‘liq kursni yakunlagan ishtirokchilar TESOL asosiy sertifikatini olib, O‘zbekiston trener-instruktorlar asosiy korpusi (CT) a’zosiga aylanadigan. Ular qo‘shimcha mashg‘ulotlarga taklif qilinishi hamda o‘z hamkasblarini 140 soatlik dastur bo‘yicha o‘qitish uchun ESN master-trenerlariga aylanishlari mumkin.

Ikkinchi bosqichda har bir CT a’zosi «Trenerlarni o‘qitish instituti»da olgan bilimlari asosida 10−12 nafar hududiy shogird-hamkasblariga (RPM) saboq berib, ustozlik qiladi.

Uchinchi bosqichda RPM CT rahbarligi ostida uchinchi yil oxirigacha 15 ming nafar o‘qituvchini qayta tayyorlash maqsadida butun dastur davomida 10 nafardan ingliz tili o‘qituvchilariga saboq beradi.

Asosiy trener-instruktorlar korpusi o‘qituvchilar malakasini oshirish kurslarini o‘tkazish uchun XTV tavsiya etadigan harakatlar dasturi va o‘quv materiallarini ishlab chiqishda ham qatnashadi.

XTVning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, AQSH English Speaking Nation loyihasini amalga oshirish uchun 5 mln dollar miqdorida grant ajratmoqda.