10 mart kuni, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Raqamli Toshkent» loyihasi taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Taqdimotda raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Prezident joriy yilda bolalar bog‘chasi, masofaviy ta’lim, shahar jamoat transportlari uchun yagona elektron chipta, qurilishni nazorat qilish, elektron tibbiyot kartasi kabi yangi dasturiy ta’minotlar ishlab chiqish va tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Masalan, elektron tibbiyot kartasi joriy etilsa, shifokorlarning qog‘oz to‘ldirishga ketadigan vaqti ancha qisqarib, aholi bilan ishlashi uchun ko‘proq imkoniyat bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Shu maqsadda Toshkent shahridagi 15 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11 ta ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda 62 ta poliklinika «Yagona elektron tibbiy karta» va «Elektron poliklinika» axborot tizimiga ulanib, xususiy klinikalar bilan integratsiya qilinadi. Bunday tizim boshqa soha va tarmoqlarda ham tatbiq etiladi.

Dasturiy mahsulotlar uzluksiz va samarali ishlashi uchun infratuzilma zarurligi qayd etilar ekan, barcha davlat muassasalarini yuqori tezlikda ma’lumot uzatish tarmog‘iga ulash, zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Aholi, ayniqsa yoshlar orasida raqamli ko‘nikmalarni takomillashtirish, «Bir million dasturchi» loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 600 dan ortiq sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan. Ammo ushbu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar hali ham yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasi «raqamli shahar» konsepsiyasining asosi ekanligini hisobga olib, ikki yil mobaynida 1,5 mingdan ziyod ijtimoiy ob’ektni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahar hokimligi tarkibida ta’lim, tibbiyot, uy-joy kommunal, transport, qurilish, kadastr va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha alohida loyiha ofislari tashkil etish zarurligiga e’tibor qaratdi. Bunday tuzilmalarda dasturchilar har bir soha mutaxassislari bilan birgalikda o‘sha sohaga mos dasturiy ta’minot yaratadi, ularni sinovdan o‘tkazib, hayotga tatbiq etadi. Zarur hollarda boshqa sohaga tegishli dastur bilan bog‘liqligini ta’minlaydi.