UzAuto Motors kompaniyasi narxlarni qayta ko‘rib chiqish qarori narxlar kon’yunkturasi, shuningdek, ichki va tashqi bozordagi umumiy makroiqtisodiy vaziyatning o‘zgarishi bilan bog‘liq ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, kompaniya bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, xaridorlarga yetkazib berilmagan avtomobillar uchun narx o‘zgarmaydi.

Kompaniya axborot xizmati tarqatgan bayonotga ko‘ra, 2017 yilning sentyabr oyida so‘ngi marta avtomobil narxlari o‘zgarganidan buyon dollarning so‘mga nisbatan ayriboshlash kursi o‘sdi, xom ashyo narxlari, kommunal xizmatlar tariflari, transport xizmatlari narxlari oshdi.

«Bundan tashqari, avval soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan UzAuto Motors kompaniyasi 2019 yilning oktyabr oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq soliqlarni umumiy asoslarda, jumladan QQS bo‘yicha to‘lashni boshladi. 2019 yilda kompaniya 2,5 trillion so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, joriy yil uchun esa ushbu ko‘rsatkich 4,2 trillion so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda», — deyiladi munosabatda.

Shunga qaramay, yaqin kelajakda kompaniyaning o‘zi uchun belgilagan ustuvor yo‘nalishlardan biri — avtokredit va muddatli to‘lov tizimlarini yanada rivojlantirish sifatida ko‘rilmoqda.

Ma’lumot uchun: 2019 yil davomida kredit dasturlari, muddatli to‘lov va boshqa maxsus takliflar natijasida iste’molchilarga 52 mingdan ortiq mashina sotildi.

Qayd etilishicha, sog‘lom raqobatbardosh ekotizimni yaratish maqsadida «O‘zavtosanoat» yaqin kelajakda mas’ul davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqiladigan O‘zbekiston bozoriga olib kiriladigan xorijiy avtomobillarga bojxona to‘lovlarini kamaytirish tashabbusi bilan chiqdi. Ichki bozorda raqobatning kuchayishi UzAuto Motors kompaniyasining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga, kompaniyaning raqobatbardoshligini, shuningdek ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning sifati va hammabopligini oshirishga imkon beradi.