O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov mamlakatda COVID-19 koronavirusiga chalinganlik holatlari yashirilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi.

«Eng muhimi, har bir fuqaro noto‘g‘ri, vahimali ma’lumotlarga ishonmasligi, o‘z ehtiyot choralarini ko‘rishi zarur. Bu kasallikni biz berkitayotganimiz yo‘q, uni berkitishning iloji ham yo‘q. Zarurat bo‘lmasa, xorijga chiqmaylik, cheklaylik. Siz sog‘lom bo‘lganingiz bilan yoningizdagilar o‘z kasalliklaridan bexabar holda yuqtirib qo‘yishi mumkin», — dedi u seshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Sog‘liqni saqlash vaziri mamlakatda kasallik qayd etiladigan bo‘lsa, O‘zbekistonda dori vositalarining zaxirasi, shuningdek profilaktika bo‘yicha imkoniyatlar yetarli ekaniga ishonch bildirdi.

Navro‘z (21 mart) munosabati bilan bayram tadbirlarida biror bir cheklovlar bo‘ladimi, degan savolga vazir shunday javob berdi: «Bugun mamlakatda kasallik yo‘qligini hisobga olib, biz faqat xalqaro tadbirlarni, cheklamoqdamiz, ichki tadbirlarni, shu jumladan Navro‘z bayrami bo‘yicha, masala hali ko‘rib chiqilgani yo‘q».

Matbuot anjumanida epidemiolog, DiaPrep System prezidenti Mixail Favorov ham ishtirok etdi. Shu kunlarda u xalqaro mustaqil ekspert sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan davolash muassasalarida tibbiyot xodimlariga maslahatlar bermoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

«O‘zbekistan — kasallikka chalinish holatlari mutlaqo mavjud bo‘lmagan kam sonli davlatlardan biri. Ulkan choralar ko‘rilmoqda… Bunga nisbatan ishlar yaxshi ketmoqda», — dedi u.

«Favorov mamlakatda koronavirus aniqlangan taqdirda eng katta muammo sun’iy nafas olish uskunalarining yetishmasligi ekanini aytdi. «Ularni hech qayerdan olib bo‘lmaydi, hech qayerga buyurtma berib bo‘lmaydi. Faqat ichki zaxiralar. Sog‘liqni saqlash vaziri ushbu maxsus, alohida masala bilan shug‘ullanmoqda, chunki bu prinsipial masaladir. Agar kirib kelsa, og‘ir holatlar bo‘lsa, sun’iy nafas oldirish uskunalari kerak bo‘ladi», — deya ta’kidladi u.

Epidemiologning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentning o‘zida 40 ta boks xonasi tayyorlangan bo‘lib, bu esa hali koronavirus aniqlanmagan davlat uchun yaxshi ko‘rsatkich.

«Bu juda to‘g‘ri, — dedi u. — Shunga qaramay, bizda „xitoycha“, „italyancha“ yoki „koreyscha“ ko‘lamdagi epidemiya bo‘lsa, qo‘rqamanki, 40 ta boksni kengaytirish kerak bo‘ladi».

Ekspert Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining «barcha darajadagi tibbiyot xodimlarini intensiv ravishda tayyorlash zarur» degan fikriga qo‘shildi.

JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens O‘zbekiston ushbu tashkilotning barcha tavsiyalariga amal qilishini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, JSST mamlakat hukumatiga kasallik bilan bog‘liq vaziyat rivojining to‘rtta ssenariyni tayyorlashga yordam bermoqda. Mutaxassis, shuningdek, hozir dunyoda koronavirusga to‘liq tayyor bo‘lgan birorta ham davlat, shu jumladan rivojlangan mamlakat ham yo‘qligini ta’kidladi.