Qozog‘iston Milliy banki dunyo neft bozorlaridagi tushishlar sababli moliya tizimi barqarorligi uchun vujudga kelgan xatarlar ortidan qayta moliyalash stavkasini +/- 1,5 foiz punkti koridorida 9,25 foizdan 12 foizgacha oshirdi, deya xabar qildi RIA Novosti mahkama rahbari Yerbolat Dosayevga tayangan holda.

Dushanba kuni hukumat va Milliy bankning qo‘shma bayonotida (PDF) dunyo bozoridagi vaziyatning salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda respubikani iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan barqaror rivojlantirishni ta’minlash uchun zarur resurslar mavjudligi ta’kidlandi. Milliy bank inflyatsiya tezlashuvini cheklash va tenge kursining haddan ziyod volatilligiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qayta moliyalash stavkasini oshirish zarur bo‘lgan holatlarga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Yerbolat Dosayev qayta moliyalash stavkasining oshirilishi makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni saqlash, tashqi bozorlarning ichki narxlar va dollarlashuv darajasiga salbiy ta’siridan ogohlantirish uchun sharoit yaratishini qayd etib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Milliy bank erkin suzib yuruvchi tenge ayirboshlash kursi tarafdori ekanligini tasdiqlaydi.

Qozog‘iston Milliy banki dunyo iqtisodiyoti va xalqaro bozorlardagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib, mamlakat moliya bozoridagi barqarorlikni ta’sinlash uchun qo‘shimcha choralarni qabul qilish zarur bo‘lgan holatlarga tayyor.

Avvalroq «Gazeta.uz» Qozog‘istondagi vaziyatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ehtimoliy ta’sirlari haqida yozgan edi (rus tilida).