9 mart kuni jahon moliya bozorlarida fond birjalarining qulashi, neft narxining keskin pasayishi va rublning arzonlashishi kuzatilgan edi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank hamda Moliya vazirligi rahbar va mas’ul xodimlari ishtirokida jahon moliya va xom ashyo bozorlaridagi oxirgi o‘zgarishlarning mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo‘chqorovning fikrlariga ko‘ra, neft narxining tushishi oqibatida gaz narxining pasayishi va ayrim mamlakatlar milliy valyutasining devalvatsiyasi O‘zbekiston eksport tushumlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z navbatida, neft va gaz narxi pasayishining ichki bozorga ijobiy ta’siri ham o‘rganib chiqilishi aytilgan.

Qo‘chqorovning aytishicha, xalqaro tovar va moliya bozorlarida yuzaga kelgan vaziyatning so‘mning almashuv kursiga ta’siri hozircha neytral deb baholanmoqda.

Gaz narxi pasayishi sababli Davlat byudjeti daromadlarining yo‘qotishlari jahon bozorida oltin narxining yuqori ekanligi evaziga to‘liq qoplanishi aytilgan. Vazirning ta’kidlashicha, davlat byudjeti barcha majburiyatlarni to‘liq ta’minlash imkoniga ega.

Xalqoro moliya va tovarlar bozorlaridagi tebranishlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri ko‘lami ularning qanchalik uzoq muddat davom etishiga bog‘liq bo‘lishi aytilgan.

O‘zbekiston hukumati hamkor davlatlarning makroiqtisiodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha e’lon qilgan rejalarini ijobiy baholashi bildirilgan. 13 mart kuni MDH davlatlari iqtisodiy kengashining yig‘ilishida tashqi savdo bo‘yicha O‘zbekistonning asosiy hamkorlari bilan ushbu masalalar yana muhokama qilinishi kutilmoqda.

Yig‘ilish natijasida mamlakat makroiqtisodiy barqarorligiga salbiy ta’sirlarni minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun Markaziy bank, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Moliya vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.