2020 yilda probatsiya xizmatlari elektron bilaguzuklardan foydalanishni boshlaydi, joriy yilda 3000 tagacha shunday qurilmani joriy etish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazolarni ijro etish muassasalarini videokuzatuv moslamalari va shaxsiy videoregistratorlar (bodi-kameralar) bilan jihozlash hamda Probatsiya xizmati amaliyotiga elektron brasletlarni tatbiq etish dasturi tasdiqlandi.

Jumladan, 18 ta jazoni ijro etish koloniyalarida 1833 dona videokuzatuv moslamasi va 36 komplekt shaxsiy videoregistratorlar (bodi-kameralar) o‘rnatiladi.

Eslatib o‘tamiz, IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati faoliyati 2019 yil 1 yanvardan yo‘lga qo‘yilgan edi. Probatsiya davomida shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat amalga oshiriladi.