9 mart kuni dunyo bo‘ylab neft narxi keskin pasayib, hozirda 35 AQSH dollari atrofida bo‘lib turibdi. Buning oqibatida Rossiya rubli jahon bozorlarida arzonlashdi va so‘nggi to‘rt yil ichidagi eng past ko‘rsatkichlarni qayd etdi: 1 AQSH dollari 75 rubl, 1 yevro esa 85 rubldan ko‘proqni tashkil etmoqda.

Nimadan boshlandi?

Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti OPEKning Venadagi yig‘ilishida neft qazib chiqarish hajmini qisqartirish bo‘yicha kelishish rejalashtirilgan edi. Biroq Rossiya ushbu qarorga rozi bo‘lmadi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni neft narxlari bo‘yicha chegirmalar joriy qilinishi va qazib chiqarish hajmini oshirishini ma’lum qildi: apreldan boshlab kuniga 10 mln barrel neft qazib olish rejalashtirilmoqda. Dunyoning eng katta neft iste’molchisi hisoblangan Xitoyda koronavirus tufayli ko‘plab ishlab chiqarish zavodlari faoliyati to‘xtab turganligi uchun, neftga bo‘lgan ehtiyoj 20 foizga pasaydi. Oqibatda jahon bozorlarida neft narxlari 30 foizgacha tushib ketdi.

Birjalardagi «qulash»

Bu o‘zgarishlar natijasida dunyoning barcha fond birjalari dushanba kunini qulash bilan boshladi. Jumladan, Osiyo bozorlarida Saudiya Arabistonining neft qazib chiqaruvchi kompaniyasi Aramco savdo qiladigan Tadawul birjasi 9 foizdan ko‘proqqa quladi. Yevropada esa Germaniya va Britaniya birjalari 8 va 9,5 foizga quladi. Amerika birjalari Dow Jones va S&P 500 idnekslarining 7 foiz qulashi bilan ochildi, birja 15 daqiqaga faoliyatini to‘xtatdi. Agarda kun davomida qulash 20 foizga yetsa, birja bir kunga yopiladi.

Neft ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning aksiyalari narxi ham keskin pasayib bormoqda. London fond birjalarida «Rosneft» aksiyalari 22,45 foizga, «Lukoyl» aksiyalari 24,38 foizga, «Novateka» aksiyalari 25,41 foizga, «Gazprom» aksiyalari 18,07 foizga, «Gazprom neft» aksiyalari esa 20,53 foizga arzonlashdi.

Oqibatda…

Iqtisodiyoti neftga bog‘liq bo‘lgan qator davlatlar ushbu vaziyatda aziyat chekishlari mumkin. Agar Saudiya Arabistoni va Rossiya Federatsiyasi kelishuvga erishmasa, barcha neft ishlab chiqaruvchi davlatlar iqtisodi zarar ko‘radi, ular qatorida AQSH sanksiyalariga uchragan Venesuela va Eron davlatlari ham bo‘ladi.

Fitch reyting agentligi tadqiqotchilari fikriga ko‘ra, neft narxining 30 AQSH dollariga tushib ketishi Rossiyada byudjet defitsiti va devalvatsiyani keltirib chiqarishi mumkin. Rossiya byudjeti Urals neftining narxi bir barrel uchun 42,2 AQSH dollarga teng bo‘lgan vaziyatga muvofiqlashtirilgan, u hozir 29 AQSH dollari atrofida baholanmoqda.

Rossiya markaziy bankining ssenariylariga ko‘ra, 2020−2022 yillarda neftning bir barreli 25−35 AQSH dollariga teng bo‘lsa, Rossiya iqtisodiyotida retsessiya yuzaga keladi, YAIM 1,5−2 foizga kamayadi, inflyatsiya esa rubl qadrsizlanganligi bois 6,5−8 foizga oshadi.

«Rivojlanayotgan bozorlarning markaziy banklari katta dilemma oldida qolishmoqda: iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash uchun qayta moliyalash stavkasini pasaytirish kerakmi? Yoki o‘z valyutalarini qo‘llab-quvvatlash uchun qayta moliyalash stavkasini oshiradilarmi?» — deya fikr bildirgan Fitch Solutions vakili Sedrik Chexab CNBC «Street Signs Asia» loyihasiga bergan intervyusida.

Qanday harakatlar kutilmoqda?

Rossiya moliya vazirligi bayonotiga ko‘ra mamlakat Milliy farovonlik fondi (MFF) 6 yildan 10 yilgacha neft narxining 25−30 AQSH dollari atrofida bo‘lishi vaziyatidagi byudjet yo‘qotishlarini qoplay oladi. Moliyaviy barqarorlikni saqlash maqsadida, moliya vazirligi MFFdan xorijiy valyutani bozorga chiqarishga qaror qilgan, bu o‘z navbatida, rublning barqarorlashishiga olib kelishi kutilmoqda. Shu bilan bir qatorda, Rossiya Banki 30 kun davomida ichki bozorda xorijiy valyutalarni sotib olishni to‘xtatadi.

Strategic Energy & Economic Research prezidenti Maykl Linchning RIA Novostiga ma’lum qilishicha, OPEK+ davlatlari tez orada kelishuvga erishishadi va Brent neftining narxi yaqin kelajakda 50 AQSH dollariga yaqinlashadi.

Fransiya moliya vaziri Le Mer Saudiya Arabistoni o‘z harakatlarini boshqa neft ishlab chiqaruvchi davlatlar bilan muvofiqlashtirishi kerakligini aytib o‘tgan.

Qozog‘iston hukumati esa neft bozorining qulashi yuzasidan bayonot bilan chiqib, mamlakat Milliy banki va hukumati ushbu vaziyatning zararli oqibatlarini pasaytirish uchun barcha resurslarga ega ekanligini bildirgan.

O‘zbekiston hukumati ushbu vaziyat yuzasidan Markaziy bank, moliya vazirligi va iqtisodiyot va sanoat vazirligi vakillaridan ishchi guruh tuzib, mamlakat bozoriga salbiy oqibatlar oodini olish uchun choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.