O‘zbekiston TIV koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida Turkmaniston va Eron o‘rtasidagi chegara yopilishi sababli 700 ga yaqin haydovchi, jumladan 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi 23 fevraldan buyon «Lutfobod» va «Saraxs» chegara nazorat-o‘tkazish punktlarida qolib ketgani to‘g‘risidagi xabarlarni tasdiqladi. Haydovchilar bu haqdagi murojaatini avvalroq Youtube orqali e’lon qilgan edi.

O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasi 23 fevraldan buyon mazkur vatandoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lib kelmoqda. Ular transport vositalarini bojxona postlarida qoldirib vatanga qaytishni rad etishdi, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Tehron va Ashxabod shaharlaridagi elchixonalari vaziyatni nazoratga olgan hamda ushbu masalani hal qilish uchun Eron va Turkmanistonning tegishli organlari bilan doimiy muloqot olib bormoqda, deya qayd etdi TIV.