O‘zbekiston Markaziy banki Anor Bank bankini tashkil etishga dastlabki ruxsatnomani berdi, deya xabar qildi MB matbuot xizmati. Bank nazorati qo‘mitasi 9 mart kuni bu haqdagi tegishli qarorni qabul qildi.

Aksionerlik jamiyati shaklidagi bank raqamli bo‘ladi va Toshkentda faoliyat ko‘rsatadi. Markaziy bank matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga bank ta’sischilari nomini oshkor qilmadi.

Dastlabki ruxsatnoma olti oy muddatga beriladi. Ushbu davr mobaynida muassis tomonidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olish uchun tegishli tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshirilishi va bank ustav kapitali shakllantirilishi lozim.