XXI asr ayollar tengligi asri bo‘lishi kerak, dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan murojaatida.

BMT bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, gender tengligi, bu — hokimiyat masalasi. Kuchlar muvozanatining o‘zgarishi ushbu asrning ba’zi vayronkor va hal etish qiyin bo‘lgan muammolarini bartaraf qilishda katta ahamiyatga ega, dedi u.

«Isterik va gormonal beqarorligi ustidan kulishdan tortib, kunda-kunora ayollarni tashqi qiyofasi yuzasidan muhokama qilishgacha, ayol vujudining tabiiy vazifalari atrofidagi mif va tabulardan tortib, menspleyning (erkaklarning ayollar bilan iltifotli muloqot uslubi — tahr.) va viktimbleyminggacha (qurbonlarni ayblash — tahr.) — har joyda ayollarni yomon ko‘rish hukmron», — dedi Guterrish.

BMT bosh kotibi ayol yetakchilarni vositachilik va tinchlik jarayonlariga jalb qilish dunyoni yanada mustahkam va barqaror qilishini ta’kidladi. «Biz favqulodda iqlim sharoitlarini yengib o‘tishni xohlasak, gender tenglik juda muhim», — dedi u.

Guterrishning fikricha, ayollarning teng iqtisodiy huquq va imkoniyatlari barcha uchun manfaatli global adolat qurishda global ahamiyatga ega.

«Bu oddiy matematika. Ayollarning ishtiroki institutlar samaradorligini oshiradi», — deya xulosa qildi u.

Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida BMT Taraqqiyot dasturi e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, dunyodagi har o‘n erkakning to‘qqizi ayollarga nisbatan noxolis munosabatda bo‘ladi. Mutaxassislar dunyo aholisining 80 foizdan ko‘prog‘i yashaydigan 75 mamlakatda to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilishdi.

Respondentlarning deyarli yarmi erkaklar ko‘proq muvaffaqiyatga erishgan siyosatchilar ekanligiga ishonishadi va 40 foizdan ko‘prog‘i erkaklar korxonalarni boshqarishda yaxshiroq deb hisoblashadi. 28 foiz erkak o‘z xotinini kaltaklashga haqli deb hisoblaydi. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda ko‘plab mamlakatlarda erkaklar va ayollar o‘rtasida teng huquqlar zarurligiga shubha bilan qarash kuchayib bormoqda.

BMTTD hukumatlarni ta’lim, xabardorlikni oshirish va rag‘batlantirishni o‘zgartirish orqali kamsituvchi qarashlar va amaliyotlarni o‘zgartirishga, masalan, bolalarni parvarish qilish bo‘yicha vazifalarni adolatli ravishda taqsimlash uchun soliqlardan foydalanish yoki ayollar va qizlarni an’anaviy ravishda erkaklar hukmron bo‘lgan sohalarda, masalan Qurolli kuchlar va axboro texnologiyalari sohalarida ishlashga undashga chaqirmoqda.